Hurmatli konferensiya ishtirokchilari!
Avvalo, SMTIdagi hamkasblarimizga hamda boshqa tashkilotchilarga ushbu nufuzli tadbirga taklif etganligi, Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlik bo‘yicha Termiz muloqotining birinchi yig‘ilishining ekspertlar ishtirokida so‘zga chiqish va bunday nufuzli auditoriyasi bilan fikr almashish imkoniyatini yaratganligi uchun chuqur minnatdorlik bildirishga ijozat bergaysiz.
Sharqda ham, G‘arbda ham barcha zamonlarda yo‘llarning rivojlanganligi taraqqiyot va boylik ramzi sifatida qaralgan. Xitoy maqolida aytilganidek: “Boy bo‘lishni istasang — yo‘l qur”.
1776-yilda Adam Smit o‘zining mashhur “Xalqlarning boyligi” asarida shunday degan edi: “Yaxshi yo‘llar, kanallar va kema qatnovi mumkin bo‘lgan daryolar tashish xarajatlarini kamaytirib, mamlakatning chekka hududlarini shahar atrofiga deyarli tenglashtiradi. Bu eng buyuk yaxshilanishdir”.
Markaziy Osiyo xalqlari o‘zining taraqqiyot va tanazzullarga boy tarixida Buyuk Ipak yo‘li tufayli mintaqaviy va global o‘zaro bog‘liqlik gullab-yashnagan davrlarni ham, jahon savdosining asosiy magistrallaridan uzilib qolgan, global siyosiy-iqtisodiy modernizatsiya jarayonlaridan chetda qolgan uzoq izolyatsiya davrini ham boshdan kechirgan.
Bugungi kunda mintaqada birlashish jarayonlari kuchaygani bois, 2017-yildan boshlab mintaqaviy va mintaqalararo o‘zaro bog‘liqlik masalalari barcha Markaziy Osiyo davlatlari va umuman “Markaziy Osiyo beshligi” uchun ustuvor yo‘nalish va strategik maqsadga aylandi.
Shu munosabat bilan, mintaqa davlatlari 2021-yilda Toshkent shahrida Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlikka bag‘ishlangan xalqaro konferensiya o‘tkazilishini, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M. Mirziyoyev tashabbusi bilan BMT Bosh Assambleyasining ikki mintaqa o‘rtasidagi bog‘liqlik bo‘yicha rezolyutsiyasi qabul qilinishini faol qo‘llab-quvvatladilar.
Mintaqalararo hamkorlik tashabbuslarini amalga oshirishda Afg‘onistonning Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi bog‘lovchi ko‘prik sifatidagi roli shubhasizdir.
O‘zbekiston Prezidenti ta’kidlaganidek, Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi amaliy bog‘liqlikning asosiy bo‘g‘inlaridan biri — Afg‘oniston bo‘lib, mintaqalararo sheriklik bu mamlakatda tinchlik va barqarorlikni ta’minlash, iqtisodiyotni tiklash hamda uni umumiy mintaqaviy jarayonlarga integratsiya qilish uchun muhim omil bo‘ladi.
So‘nggi yillarda Markaziy Osiyo davlatlari Afg‘oniston bilan hamkorlikni faol rivojlantirmoqda. O‘zbekiston va Turkmaniston ilk davlatlar qatorida savdo va qo‘shma infratuzilma loyihalarini o‘z ichiga olgan ikki tomonlama aloqalarni yo‘lga qo‘ydi. Qozog‘iston va Qirg‘iziston Kobul bilan diplomatik aloqalarni o‘rnatdi, “Tolibon”ni terroristik tashkilotlar ro‘yxatidan chiqardi va savdo-iqtisodiy hamda gumanitar hamkorlikni kengaytirmoqda. Tojikiston esa savdo va elektr energiyasi yetkazib berishni davom ettirmoqda.
Markaziy Osiyo davlatlari Janubiy Osiyoning ulkan geo-iqtisodiy salohiyatini, shuningdek, uning global transport bog‘liqligidagi rolini yuksak baholaydi.
2021-yildan buyon ikki mintaqa davlatlari o‘rtasida savdo va investitsiyalar sohasida sezilarli taraqqiyot kuzatilmoqda. O‘zaro manfaatdorlik tobora ortib bormoqda. Hamkorlikni kengaytirish imkoniyatlari hali to‘liq ishga solinmagan bo‘lsa-da, savdo oqimlarini rivojlantirish uchun mustahkam asos shakllanmoqda.
Janubiy Osiyodan Markaziy Osiyoga import so‘nggi yillarda barqaror tuzilma va yuqori diversifikatsiya darajasi bilan ajralib turmoqda. Farmatsevtika mahsulotlari, shuningdek, uskunalar, mexanik qurilmalar va elektron texnikani o‘z ichiga olgan yuqori texnologiyali mahsulotlar muhim ulushni egallaydi. Bu iqtisodiy modernizatsiya va texnologik yangilanishga intilishni ko‘rsatadi.
Mintaqa davlatlaridan, xususan, Qozog‘iston va O‘zbekistondan Hindiston va Pokistonga eksportda energiya resurslari — ayniqsa uran, boshqa mineral yoqilg‘ilar va ularni qayta ishlash mahsulotlari yetakchi o‘rinni egallaydi. Bu Markaziy Osiyoning Janubiy Osiyo mamlakatlarining energetik ehtiyojlarini ta’minlashdagi strategik ahamiyatini ko‘rsatadi.
Bundan tashqari, Hindiston Markaziy Osiyodan nodir yer metallari importiga katta qiziqish bildirmoqda. Buni 2024-yilda Dehlida o‘tkazilgan “Hindiston – Markaziy Osiyo nodir yer metallari forumi” (ICAREF) ham tasdiqlaydi.
Eksport tarkibini qishloq xo‘jaligi mahsulotlari — xususan, sabzavotlar, ildizmevalar va tugunaklar, shuningdek, turli sanoat tarmoqlarida talab yuqori bo‘lgan kimyo sanoati mahsulotlari to‘ldirmoqda. Bu yetkazib berishlar Markaziy Osiyoning tabiiy resurslarga boyligi va uning global ishlab chiqarish-zanjirlaridagi roli ortib borayotganini aks ettiradi.
Mintaqalararo savdo va investitsiya aloqalarini muvaffaqiyatli rivojlantirishning asosiy sharti — Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasida zamonaviy, samarali va xavfsiz transport-logistika infratuzilmasini yaratish orqali transport bog‘liqligini tubdan yaxshilashdir.
O‘zbekiston–Afg‘oniston–Pokiston temir yo‘li qurilishi loyihasini ilgari surish borasida katta ishlar amalga oshirildi. Ushbu loyiha Pokiston, Hindiston va Janubiy Osiyoning boshqa mamlakatlari bozorlariga, shuningdek, Arab dengizidagi Pokiston portlariga eng qisqa yo‘lni ta’minlaydi. Ushbu rejalarni amalga oshirishning muhim mexanizmi joriy yil fevral oyida Pokiston Bosh vaziri Shahboz Sharifning O‘zbekistonga tashrifi chog‘ida erishilgan kelishuvga muvofiq tuzilayotgan uch tomonlama komissiya bo‘ladi.
Joriy yil fevral oyida men Karachi portiga tashrif buyurish imkoniga ega bo‘ldim. Ko‘rganlarim uning nafaqat Pokiston, balki butun mintaqa uchun ulkan salohiyatga ega ekanligini tasdiqladi. Zamonaviy konteyner terminallari, keng ombor maydonlari va ichki transport tarmoqlari bilan yaxshi integratsiyalashuvi Karachini Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun asosiy dengiz darvozalaridan biriga aylantirishi mumkin.
Mazkur loyihaning istiqbollari Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston temir yo‘li qurilishi boshlanganidan so‘ng yanada mustahkamlanmoqda. Ushbu yo‘l Xitoy–Markaziy Osiyo iqtisodiy koridoridagi eng muhim transport arteriyasiga aylanib, Janubiy va G‘arbiy Osiyo hamda Yevropaga chiqishni ta’minlaydi. Xitoy, Mo‘g‘uliston va Sharqiy Osiyoning boshqa mamlakatlaridan yuk oqimlari O‘zbekiston–Afg‘oniston–Pokiston temir yo‘lining yuklanishini sezilarli darajada oshiradi. Aholisi, iqtisodiyoti va tashqi savdosi o‘sib borayotgan mamlakatimiz ham yuk oqimini shakllantiruvchi muhim ishtirokchiga aylanadi.
Shu bilan birga, tez o‘zgarayotgan geopolitik va iqtisodiy sharoitda Markaziy Osiyo transport va logistika bog‘liqligi sohasida ko‘pvariantli strategiyani faol ilgari surmoqda.
Mintaqa jahon bozorlariga ishonchli chiqishni ta’minlaydigan va iqtisodiyotlar raqobatbardoshligini oshiradigan moslashuvchan, barqaror va ko‘p o‘lchovli transport koridorlari arxitekturasini shakllantirishga intilmoqda. Xususan, Turkmaniston va Qozog‘iston Afg‘oniston orqali energetika va transport kommunikatsiyalarini rivojlantirishda katta faollik ko‘rsatmoqda. Turkmaniston Afg‘oniston hududida TAPI gaz quvurini qurishni davom ettirmoqda. Qozog‘iston bilan birgalikda Hirot va Qandahor orqali Pokistonga temir yo‘l qurish rejalashtirilmoqda.
Shu bilan birga, marshrutlarni diversifikatsiya qilish strategiyasining muhim yo‘nalishlaridan biri — Eronning janubiy portlari orqali tranzit koridorlarini rivojlantirishdir.
Bu borada Eronning Chobahor porti orqali o‘tuvchi transport yo‘nalishini faol ilgari surish katta istiqbollarga ega. O‘zbekiston ushbu yo‘nalishga ustuvor ahamiyat berib, Hindiston va Eron bilan Chobahor orqali yuk tashish masalalarida konstruktiv muloqotni qo‘llab-quvvatlamoqda. Mazkur port makromintaqamizning barqaror transport-logistika arxitekturasining muhim elementi sifatida qaralmoqda.
Markaziy Osiyoning boshqa davlatlari tomonidan ham ushbu loyiha qo‘llab-quvvatlanayotgani uning ahamiyatini yanada oshirmoqda. “MO5 + Hindiston” virtual sammiti doirasida davlat rahbarlari Chobahor tashabbusini, jumladan, uni rivojlantirish bo‘yicha qo‘shma ishchi guruh tuzish orqali ilgari surishga qiziqish bildirdilar. Bu butun mintaqa uchun ushbu yo‘nalishning strategik ahamiyati borasida siyosiy konsensus mavjudligini ko‘rsatadi.
Ushbu loyihaning muhim tarkibiy qismi — Chobahor–Zohidon temir yo‘l liniyasini qurish bo‘lib, uni keyinchalik “Shimol–Janub” xalqaro transport koridori (INSTC) bilan bog‘lash rejalashtirilgan.
Bugun biz G‘arbiy, Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlik kuchayib borayotganiga guvoh bo‘lmoqdamiz. Bu savdo-iqtisodiy va transport hamkorligi uchun yagona makromintaqaviy makon shakllanishi istiqbollarini ochmoqda. Mintaqaning asosiy dengiz portlari, jumladan Fors ko‘rfazi sohilidagi portlar, xalqaro savdo yo‘llariga chiqishni ta’minlovchi strategik uzellar vazifasini bajarmoqda.
Aniq infratuzilma loyihalari bilan bir qatorda, mintaqa davlatlari transport va logistika sohasidagi xalqaro ko‘p tomonlama kelishuvlar doirasida ham faollik ko‘rsatmoqda.
Bu borada Markaziy Osiyoni Fors ko‘rfazi va Janubiy Osiyo bilan bog‘lovchi xalqaro transport-tranzit koridorini yaratishga qaratilgan Ashxobod kelishuvi alohida ahamiyat kasb etadi. O‘zbekiston, Qozog‘iston, Turkmaniston, Eron, Ummon va Hindiston kabi davlatlarning ushbu kelishuvda ishtiroki dengiz, temir yo‘l va avtomobil tashuvlarini uyg‘unlashtirgan samarali multimodal yo‘nalishlarni shakllantirish imkonini bermoqda.
Transport bog‘liqligining huquqiy asoslarini mustahkamlash borasida Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti doirasida ham muayyan yutuqlarga erishilgan. 2006-yilda OESning tranzit tashuvlar bo‘yicha asosiy kelishuvi (ECO TTFA) kuchga kirgan bo‘lib, u Ozarbayjon, Afg‘oniston, Eron, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Pokiston, Tojikiston va Turkiya tomonidan ratifikatsiya qilingan. Ushbu kelishuv mintaqada tranzit tashuvlarni uyg‘unlashtirish va modernizatsiya qilish orqali xarajatlarni kamaytirish va tezlikni oshirishga qaratilgan.
Hozirda CAREC dasturi doirasida Savdo va investitsiyalarni rag‘batlantirish bo‘yicha hamkorlik kelishuvi (CARTIF) ishlab chiqilmoqda. Uning qabul qilinishi va amalga oshirilishi transport va logistika sohasida mintaqalararo hamkorlik uchun yanada qulay sharoitlar yaratishi mumkin.
Yaqinlashish imkoniyatlari kengayib borayotganiga qaramay, Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi hamkorlik hali ham o‘z salohiyatini to‘liq ro‘yobga chiqarishga to‘sqinlik qilayotgan qator tizimli muammolarga duch kelmoqda.
Siyosiy va geopolitik xatarlar, ishonch tanqisligi hamda davlatlar o‘rtasidagi yetarli darajadagi muvofiqlashtirishning yo‘qligi samarali mintaqalararo hamkorlik yo‘lida jiddiy to‘siqlar tug‘dirmoqda. Iqtisodiy rivojlanish darajalari va huquqiy tizimlardagi farqlar barqaror va o‘zaro manfaatli mexanizmlarni shakllantirishni murakkablashtiradi.
Markaziy Osiyoning geografiyasi bir vaqtning o‘zida ham strategik ustunligimiz, ham tarixiy cheklovimizdir. Dengizga chiqish imkoniyati bo‘lmagan, ammo Yevrosiyo qit’asining markazida joylashgan davlatlar sifatida biz Sharq–G‘arb va Shimol–Janub yo‘nalishlarida tranzit va savdoni ta’minlash uchun ulkan salohiyatga egamiz. Bugungi tez o‘zgarayotgan sharoitlar — xavfsizlikka doir yangi tahdidlar, sanksiyalar va logistika zaifliklari — transport va savdo bog‘liqligi strategiyalarini tubdan qayta ko‘rib chiqishni talab etmoqda.
Shu nuqtai nazardan, savdo koridorlarini diversifikatsiya qilish — kelajakka yo‘naltirilgan, barqaror iqtisodiyotni shakllantirish uchun strategik zaruratdir. Bu tasavvurni amalga oshirishning eng muhim sharti esa o‘zaro ishonchni mustahkamlash, nizolarni tartibga solish, muloqot va hamkorlikni rivojlantirishdir.
Tojikiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi chegara masalasining yaqinda hal etilishi eng murakkab mojarolar ham muloqot, ezgu niyat va muvofiqlashtirilgan sa’y-harakatlar orqali bartaraf etilishi mumkinligining yana bir isbotidir. Bu ikki mintaqa o‘rtasidagi bog‘liqlikni chuqurlashtirish, shuningdek, barqaror rivojlanish, iqtisodiy farovonlik va Yevrosiyo makonida uzoq muddatli xavfsizlik uchun qulay sharoitlar yaratishda muhim ahamiyatga ega.
Ikki mintaqa o‘rtasidagi bog‘liqlikni yanada rivojlantirish hamkorlik sohalarini kengaytirish, shuningdek, institutsional mexanizmlar va huquqiy bazani shakllantirishni talab etadi.
Birinchidan, Afg‘onistonni nafaqat samarali ishlovchi ko‘prik, balki to‘laqonli va mustaqil hamkor sifatida shakllantirish bo‘yicha sa’y-harakatlarni kuchaytirish zarur. RECCA yoki Istanbul jarayoni kabi Afg‘onistonni rivojlantirishga qaratilgan ko‘p tomonlama mexanizmlarni qayta tiklash muhim qadam bo‘lishi mumkin.
Ikkinchidan, savdo-investitsiya aloqalarini chuqurlashtirish, mintaqaviy hamkorlikni ilgari surish va biznes hamda insonlar o‘rtasidagi aloqalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida biznes kengashlari va mintaqalararo forumlar tarmog‘ini yaratish lozim.
Uchinchidan, qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishni kengaytirish va ularni milliy hamda mintaqaviy energetika tizimlariga integratsiya qilish orqali energetika sektorining o‘zaro bog‘liqligi va samaradorligini oshirish zarur. Bu energiya ta’minotining ishonchliligini kuchaytiradi, qazilma yoqilg‘ilarga qaramlikni kamaytiradi va barqaror energetik tarmoqni shakllantiradi.
To‘rtinchidan, transport va logistika sohasida jarayonlarni optimallashtirish, kechikishlarni kamaytirish va samaradorlikni oshirish uchun maxsus muvofiqlashtiruvchi platforma yaratish nihoyatda muhimdir. Bunda Yevropa Ittifoqining “O‘rta koridor” tashabbusi kabi muvaffaqiyatli tajribalarga tayanish mumkin. Bunday platforma hamkorlikni mustahkamlab, savdo bog‘liqligini yaxshilaydi va iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantiradi.
Beshinchidan, Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasida raqamli bog‘liqlikni kuchaytirish muhim ahamiyatga ega. Chunki raqamli transformatsiya ekologik toza texnologiyalarni joriy etish, iqtisodiy va ekologik zarbalarga chidamlilikni oshirish hamda jamiyatning barcha qatlamlari uchun imkoniyatlarga kengroq kirishni ta’minlash orqali barqaror rivojlanishga xizmat qiladi. Ishonchli raqamli infratuzilmasiz mintaqalar taraqqiyotdan ortda qolishi va muhim imkoniyatlarni boy berishi mumkin.
Oltinchidan, ekspertlar hamkorligi va muvozanatli strategik qarorlar ishlab chiqishni Markaziy va Janubiy Osiyo tahliliy markazlarining yillik Forumi kabi doimiy muloqot platformasini tashkil etish orqali sezilarli darajada kuchaytirish mumkin. Bunday uchrashuvlar mazmunli fikr almashuviga, o‘zaro anglashuvni mustahkamlashga va umumiy muammolarni hal etishga qaratilgan kelishilgan siyosatlarni ishlab chiqishga xizmat qiladi.
Xulosa qilib aytganda, Markaziy va Janubiy Osiyoda transport infratuzilmasini rivojlantirish — bu shunchaki yo‘l va temir yo‘llar qurish emas. Bu o‘zaro tushunish, sheriklik va farovonlikka eltuvchi ko‘prikdir. Faqat sa’y-harakatlarimizni birlashtirgan holdagina mintaqamizning to‘liq salohiyatini ochishimiz, biznes uchun yangi imkoniyatlar yaratishimiz, hayot sifatini oshirishimiz va tinchlikni mustahkamlashimiz mumkin.