So‘nggi yillarda «Markaziy Osiyo – Xitoy» formati yangi strategik dinamikaga ega bo‘ldi. 2023-yil may oyida bo'lib o'tgan davlat rahbarlarining ushbu formatdagi birinchi sammiti 6 mamlakat yetakchilari sammitlarining muntazam o'tkazilishi, asosiy sohalardagi muvofiqlashtirish mexanizmlari va hamkorlikning rasmiylashtirilgan kun tartibi bilan vaziyatli hamkorlikdan institutsional platformani rivojlantirishga o'tishni ta'kidladi.
Format tarkibida sammitlar va Tashqi ishlar vazirlari uchrashuvlaridan tashqari, iqtisodiyot va savdo, transport, qishloq xo‘jaligi, bojxona vazirlari uchrashuvlari mexanizmlari, shuningdek, siyosiy partiyalar forumi tashkil etildi. Markaziy Osiyo-Xitoy biznes kengashi tashkil etildi. Qishloq xo'jaligi savdo-iqtisodiy hamkorligi masalalari bo'yicha qo'shma ishchi guruh tashkil etildi.
Birinchi sammitda davlat rahbarlari tomonidan qabul qilingan Sian deklaratsiyasi formatni rivojlantirishning siyosiy asosi bo‘ldi. 6 tomonlama hamkorlik uchun shartnomaviy asos yaratilmoqda. Savdo-iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlash va raqamli savdo sohasidagi hamkorlik bo‘yicha memorandumlar imzolandi.
Bundan tashqari, Xitoy tomoni favqulodda vaziyatlar, ta’lim, sog‘liqni saqlash, energetika kabi sohalarda hamkorlik platformalarini, shuningdek, milliy ma’muriy akademiyalar alyansi, mintaqalar hamkorligi forumlari, tahlil markazlar, axborot agentliklari va boshqalarni tashkil etish tashabbusi bilan chiqdi.
Hamkorlikni institutsionallashtirishdagi muhim qadam «MO–Xitoy» formati Kotibiyatining ochilishi bo‘ldi (2024-yil mart, Sian sh.), u davlat rahbarlari kelishuvlari va qarorlari amalga oshirilishiga ko‘maklashishga qaratilgan. Uning Pekinda emas, balki Ipak yo‘lining boshlanish nuqtasi bo‘lgan Sianda tashkil etilganining o‘zi Xitoyning Markaziy Osiyo bilan yaqinlashishga bo‘lgan intilishini anglatadi.
Ushbu asosda mintaqaning Xitoy bilan hamkorligining strategik arxitekturasini shakllantirishga quyidagi omillar ta’sir ko‘rsatadi.
Birinchidan, mintaqaviy konsolidatsiyaning barqaror jarayoni, Markaziy Osiyo mamlakatlari manfaatlarining yaqinlashishi va ularning yetakchi tashqi sheriklar bilan faol o‘zaro hamkorligi. Mintaqaviy hamkorlikning rivojlanishi Markaziy Osiyoni barqaror, iqtisodiy va infratuzilmaviy jihatdan o‘zaro bog‘langan, dinamik rivojlanayotgan zamonaviy iqtisodiyotga ega hamda global ta’minot zanjirlariga samarali integratsiyalashgan mintaqaga aylantirishning hal qiluvchi omiliga aylanmoqda.
Maslahat uchrashuvlari yo‘lga qo‘yilganidan keyingi yillarda, mintaqaviy hamkorlik mexanizmlarini shakllantirishda, hamda savdo-investitsiya, transport-logistika va boshqa sohalardagi amaliy hamkorlikda real natijalarga erishildi. Masalan, 2018-2023 yillarda mintaqa ichidagi savdo 80% ga o‘sib, $11 milliard tashkil etdi. 2022-yilda u atigi 9% deb baholangan bo‘lsa, mintaqaviy savdoning yumshoq infratuzilmasini rivojlantirishda sezilarli o‘sishga erishildi. Mintaqa davlatlarida savdo tartib-taomillarini soddalashtirishning o‘rtacha darajasi 2017-yildagi 38% ga nisbatan 2023-yilda 29 punktga oshib, 67% ni tashkil etdi.
Keyingi yilning sentyabr oyida Toshkentda mintaqa davlatlari rahbarlarining 7-Maslahat uchrashuvi bo‘lib o‘tadi. O‘zbekiston ushbu mexanizmda rais sifatida kooperatsiya aloqalarini yanada oshirish vazifalarini o‘z oldiga qo‘ymoqda. Bu – Maslahat uchrashuvlari mexanizmining salohiyatini mustahkamlash, mintaqaviy hamkorlikning asosiy institutlarini rivojlantirish, iqtisodiy hamkorlikni yanada chuqurlashtirish, mintaqaning barqarorligi va izchil rivojlanishini ta’minlash, shuningdek, Markaziy Osiyoni yagona ijtimoiy-madaniy makon sifatida targ‘ib qilishdir.
Ushbu jarayonning eng muhim xususiyati bu Markaziy Osiyo mintaqachiligining ochiq tabiati, mintaqa mamlakatlarining keng xalqaro o‘zaro bog‘liqlikka, jumladan, «Markaziy Osiyo plyus» muloqot maydonchalari doirasidagi intilishidir. Aprel oyi boshida Samarqandda birinchi MO-YI sammiti muvaffaqiyatli o‘tdi. Ostonada yaqindagina MO-Italiya sammiti bo‘lib o‘tdi. Va barchamiz shu oyning o‘rtalarida ikkinchi MO-Xitoy sammitini o‘tkazishga faol tayyorgarlik ko‘rmoqdamiz.
Ikkinchidan, MO-Xitoy hamkorligining mintaqaviy formatdagi asosiy omillaridan biri Xitoyning global iqtisodiyotning qutblaridan biri sifatida yuksalishda davom etayotganidir, uning og‘irlik markazi tobora qat’iy ravishda Osiyoga ko‘chmoqda.
Xitoy nafaqat dunyoning ikkinchi iqtisodiyoti, balki ketma-ket 8 yildan beri dunyodagi eng yirik savdo davlati hisoblanadi; o‘tgan yili mamlakatning yalpi tashqi savdosi $6 trillion tashkil etdi. XXRning YI bilan savdo hajmi € 730 milliard oshdi. Xitoy 2024-yilda Yevropaga € 517,8 milliard tovarlar yubordi va € 213,3 milliard import qildi. Yaqin Sharq mamlakatlari bilan tovar ayirboshlash $400 milliard, Hindiston bilan esa deyarli $130 milliard tashkil etdi.
Ilgari ushbu hajmlarning deyarli 90% dengiz tashuvlariga to‘g‘ri kelgan bo‘lsa-da, so‘nggi yillarda Xitoy va Yevropa o‘rtasidagi (bizning mintaqamiz orqali) temir yo‘l tashuvlari istiqbollari, ayniqsa transport-logistika infratuzilmasining yaxshilanishi nuqtai nazaridan juda ijobiy baholanmoqda. Sanoat mutaxassislari prognoziga ko‘ra, t/y logistikasi dengizga nisbatan tezroq va xavfsizroq yetkazib berishga bo‘lgan talabning ortishi, ekologik xarajatlarning pastligi va raqobatbardosh narxlar tufayli o‘sishda davom etadi. «Qattiq» va «yumshoq» infratuzilmalar yaxshilangan sari, «t/y transporti global savdoda muhim rolni o‘ynaydi va biznes uchun yuk tashishning ishonchli va barqaror imkoniyatlarini taqdim etadi».
Mintaqamiz Xitoy uchun nafaqat tranzit koridori, balki tovarlar va investitsiyalar uchun o‘sib borayotgan bozor sifatida ham muhimdir.
Bu tarif janglari va iqtisodiy o‘sishning eksport hamda investitsiyalarga yuqori darajadagi bog‘liqligi sharoitida XXR uchun ayniqsa muhimdir.
O‘tgan yili XXRning Markaziy Osiyo davlatlari bilan savdo hajmi $94,8 milliard tashkil etdi, yaqin yillarda u $100 milliard oshadi. To‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar $15 milliard ortiqni, Xitoy kompaniyalarining qurilish kontraktlari esa 10 milliard dollarni tashkil etdi.
Markaziy Osiyo davlatlarining transport infratuzilmasini rivojlantirish, sanoatlashtirish, raqamlashtirish va iqlimga moslashish rejalari Xitoydan uskunalar importi va investitsiyalar hajmi o‘sishda davom etishini anglatadi.
Ehtimol, bularning barchasi amaliy hamkorlikning institutsional mexanizmlari va umuman MO-Xitoy formatining yanada rivojlanishiga xizmat qiladi.
Uchinchidan, mintaqaning Xitoy bilan hamkorligining strategik arxitekturasini rivojlantirishga xalqaro munosabatlar va global iqtisodiyotdagi ulkan transformatsion jarayonlar juda katta ta’sir ko‘rsatadi.
Bu o‘zgarishlar, Xitoyda aytilganidek, so‘nggi 100 yil ichida kuzatilmagan jarayonlar bo‘lib Markaziy Osiyo xalqarolashtirishni tezlashishiga olib keladigan muhim omillardan biriga aylandi va mamlakatlarimizning XXR bilan hamkorligiga yanada rag‘batlantiruvchi ta’sir ko‘rsatmoqda.
Xavfsizlik nuqtai nazaridan, bu «uch yovuz kuch» – terrorizm, radikallashuv va separatizmga qarshi kurashda hamkorlikni kuchaytirishga turtki bo‘lishi mumkin. Afg‘onistonda uzoq muddatli barqarorlikni ta’minlash muhim umumiy ustuvor vazifa bo‘lib qolmoqda. Yaqin Sharqdagi mojaroli hududlardan, jumladan Suriyadan kelib chiqadigan tahdidlarga qarshi turish masalalari yanada dolzarb vazifaga aylanmoqda. Muammolar va shu bilan birga yangi imkoniyatlar manbai, aftidan, global savdo arxitekturasining qayta qurilishi bo‘lmoqda. Markaziy Osiyo ko‘plab tashqi sheriklarning mintaqaga va uning o‘sib borayotgan bozor salohiyatiga bo‘lgan e’tibori kuchayganini allaqachon his qilmoqda. Ehtimol, bu MO+ formatlarining ko‘payishiga va ularning vazirlik darajasidan oliy darajaga o‘tishiga sabab bo‘lgan omillardan biri bo‘lgandir.
Shu bilan birga, vaziyatni xolis baholab, shuni ta’kidlash lozimki, tashqi sheriklarimiz Yevroosiyo, Sharqiy va Janubiy Osiyo mamlakatlari bilan transport va kengroq iqtisodiy bog‘liqlikni yaxshilash imkoniyatlariga yanada ko‘proq qiziqish bildirmoqda. Masalan, Rossiya Federatsiyasi Janubiy Osiyo tomon faol burilmoqda, bu bizning Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlikni rivojlantirish tashabbusimizni amalga oshirish uchun foydalidir. Arab sheriklarimiz MO va Ko‘rfaz mamlakatlari o‘rtasidagi bog‘liqlikni rivojlantirishni kengroq kontekstda, jumladan G‘arbiy Osiyo mamlakatlarining butun Yevroosiyo makoniga, jumladan Rossiya va Xitoyga chiqishi sifatida ko‘rib chiqish kerakligini aytishmoqda. Mo‘g‘uliston ham o‘zining halol mahsulotlarini arab-musulmon dunyosi mamlakatlariga eksport qilish rejalaridan kelib chiqib, mintaqamiz bilan bog‘liqlikni rivojlantirishga qiziqish bildirmoqda.
Ushbu kontekstda, MO-Xitoy formatidagi hamkorlikni rivojlantirishda mintaqa mamlakatlari va Xitoy a’zo bo‘lgan boshqa xalqaro tashkilotlar – ShHT, CHTI (CAREC), OMHIK (CICA), BRIKS+ va boshqalarning imkoniyatlarini o‘rganish foydali bo‘lishi mumkin. Bundan tashqari, boshqa sheriklarning MO plyus formatlaridagi ishtiroki bilan uch tomonlama hamkorlik maydonchalari istiqbolli bo‘lishi mumkin. Yaqinda Malayziyada birinchi ASEAN-KKK-Xitoy sammiti bo‘lib o‘tdi. Mintaqamizda «yashil» energetikani rivojlantirishda arab va xitoy kompaniyalari manfaatlarining mos kelishini hisobga olsak, hamkorlikni boshqa sektorlarga kengaytirish istiqbollarini muhokama qilish uchun kamida uch tomonlama ishbilarmonlik va ekspert tadbirlari haqida o‘ylash mumkin.
Shunday qilib, olti tomonlama hamkorligimizni rivojlantirishni rag‘batlantiruvchi shart-sharoitlar va omillar mavjudligini qayd etish uchun barcha asoslar bor. Shu munosabat bilan, quyidagi yo‘nalishlarga e’tibor qaratishni maqsadga muvofiq deb hisoblaymiz:
Birinchi. Xavfsizlik sohasida, ShHT doirasidagi hamkorlikni davom ettirgan holda, shu bilan birga, Xavfsizlik kengashlari kotiblari uchrashuvlari mexanizmini yaratishni tezlashtirish. Shuningdek, ShHT-Afg‘oniston aloqa guruhi imkoniyatlaridan, afg‘on tomonidan Qobuldagi amaldagi hukumat vakillari ishtirokida foydalanish.
Ikkinchi. Transport vazirlari uchrashuvlari mexanizmi doirasida Transport va logistika sohasidagi hamkorlik strategiyasini, shuningdek, savdo va logistikani raqamlashtirish dasturini ishlab chiqishni faollashtirish. Transafg‘on transport va energetika koridorlarini yaratish loyihalarini amalga oshirish masalalari bo‘yicha mamlakatlarimiz pozitsiyalarini ekspert darajasida muhokama qilishga alohida e’tibor qaratish lozim.
Uchinchi. Sanoatlashtirish, raqamlashtirish va «yashil» rivojlanish sohasidagi hamkorlik muhim yo‘nalish bo‘lishi kerak. Xitoy qayta ishlash sanoati, raqamli va «yashil» iqtisodiyotni modernizatsiya qilishda ulkan yutuqlarga erishdi, shuningdek, Markaziy Osiyo mamlakatlarida ushbu sektorlarni rivojlantirishdagi ishtirokini faol kengaytirmoqda. O‘zbekistonda allaqachon BYD elektromobillarini birgalikda ishlab chiqarish, qayta tiklanadigan manbalar asosidagi elektr stansiyalari va ma’lumotlar markazlarini (data-markazlar) qurilish boshlandi.
Shu munosabat bilan, ushbu sohalar uchun malakali ishchilar va muhandis-texnik xodimlarni tayyorlashga investitsiyalarni ko‘paytirishni muhim vazifa deb hisoblaymiz. Xitoy tajribasi va imkoniyatlari O‘zbekistonda hamda boshqa MO mamlakatlarida qator mutaxassisliklar bo‘yicha professional-texnik ta’lim va innovatsion rivojlanish markazlarini yaratish hamda rivojlantirish, shuningdek, iqtisodiyot va ta’limga SI (AI) va boshqa ilg‘or sanoat hamda ta’lim texnologiyalarini kengroq joriy etish uchun muvaffaqiyatli qo‘llanilishi mumkin.
To‘rtinchi. Mintaqa va XXR ekspert doiralarining aloqalarini faollashtirish. Markaziy Osiyo mamlakatlari tahliliy markazlari tomonidan Xitoy ekspertlar hamjamiyati bilan aloqalar va hamkorlik allaqachon o‘rnatilgan va muvaffaqiyatli rivojlanmoqda. Shu bilan birga, global o‘zgarishlar hamda mamlakatlarimiz va hamkorligimizning rivojlanishi o‘zaro aloqalarning samaradorligini oshirishni talab etadi.
Tegishli idoralar mutaxassislari, ishbilarmon doiralar va nodavlat ekspertlarni jalb qilgan holda yanada manzilli, tizimli qo‘shma ishlar olib borish, ixtisoslashtirilgan maydonchalarni kengaytirish zarur.
Xulosa o‘rnida, mezbonlarimizga mehmondo‘stlik va Forumni yuqori saviyada tashkil etganlari uchun minnatdorlik bildiraman, uning muvaffaqiyatli o‘tishini, qiziqarli ma’ruzalar va samarali munozaralar bo‘lishini tilayman.
E’tiboringiz uchun rahmat.