Nutqlar
24.12.2025
|
108
Elchi, MOXI direktori Javlon Vaxabovning Kaspiy siyosati markazida o‘tkazilgan “Hamkorlikning o‘n yilligi: C5+1 formati uchun keyingi qadamlar” mavzusidagi davra suhbatidagi nutqi
2025-yil, 5-noyabr, Vashington

Atrofimizdagi olam o‘zgarib borayotganligi hech kimga sir emas, bu hammaga ma’lum va ravshandir. Buni biz dengiz savdo yo‘llari uchun tobora ortib borayotgan xavf-xatarlar, Sharqiy Yevropada davom etayotgan notinchlik va jahon tijorat mojarolarida ko‘rmoqdamiz. Biz O‘rta koridor ahamiyatining oshishi, Xitoy ta’sirining kengayishi va muhim mineral resurslar tufayli jahon raqobatining kuchayishiga guvoh bo‘lmoqdamiz. Ushbu omillarning barchasi Markaziy Osiyoni jahon e’tibori markaziga olib chiqmoqda, mintaqaning ahamiyati ortib borayotgani va xalqaro hamkorlik uchun ochilayotgan imkoniyatlarni yaqqol namoyon etmoqda.

Bugun biz markazga intiluvchi kuchlarning — ya’ni bizni birlashtiradigan, hamkorlikni mustahkamlaydigan va umumiy mintaqaviy o‘zlikni shakllantiradigan omillarning muhimligini yanada teranroq anglayapmiz. Biz umumiy kun tartibiga, o‘zaro bir-birini to‘ldiruvchi iqtisodiyotlarga va chambarchas bog‘langan infratuzilmaga ega bo‘lgan hamjihatlikka asoslangan mintaqa shakllantirish ustida ishlayapmiz. Birgalikda harakat qilib, murakkab masalalarga samarali javob bera olamiz, xalqaro hamkorlar bilan teng huquqli munosabatlar o‘rnatamiz, barqarorlikni ta’minlaymiz hamda sezilarli iqtisodiy va strategik maqsadlarga erishamiz.

Bugun biz BMT minbarida alohida davlatlar sifatida emas, balki yaxlit mintaqa bo‘lib, yagona maqsad yo‘lida birlashib chiqmoqdamiz. Bunday hamjihatlik mustahkam poydevorga ega: bugungi kunda Markaziy Osiyo ulkan iqtisodiy makonga aylandi — mintaqaning umumiy yalpi ichki mahsuloti 520 milliard dollardan oshdi, aholisi esa qariyb 85 million kishini tashkil etmoqda. Bunga neft, gaz va muhim mineral resurslarning boy zaxiralarini qo‘shadigan bo‘lsak, mintaqaning salohiyati yanada yaqqol namoyon bo‘ladi.

Global qutblashuv jarayonlari ko‘plab davlatlarni tomon tanlashga majbur qilmoqda. Biroq Markaziy Osiyo yaxlit yondashuvini saqlab qolmoqda. Mintaqadagi har bir davlat ko‘p tarmoqli tashqi siyosatning ahamiyatini chuqur anglaydi. Aynan shu sababli biz bugun 11 ta dunyoning yetakchi davlatlari va xalqaro tuzilmalari bilan C5+1 formatini shakllantirdik, ular 40 dan ortiq davlat va ikki mintaqaviy tashkilotni qamrab oladi. Biz tomon tanlamaymiz — biz barchani tanlaymiz. Va bu tamoyil mintaqamiz uchun o‘zining yuqori samaradorligini isbotladi.

Xususan joriy yil diqqatga sazovor bo‘ldi — C5+ formatidagi sammitlar va xalqaro muloqotlarga nihoyatda boy bo‘ldi. Mart oyida Samarqand shahrida tarixda ilk bor Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo sammiti bo‘lib o‘tdi. Unda Yevropa Ittifoqi mintaqada transport infratuzilmasini rivojlantirish, raqamli integratsiyani kuchaytirish va barqaror o‘sishni ta’minlashga qaratilgan 12 milliard yevrolik misli ko‘rilmagan investitsiya dasturlari majmuasi e’lon qildi. So‘nggi yetti yil ichida Markaziy Osiyo davlatlari bilan Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi savdo hajmi to‘rt barobar oshib, 54 milliard yevroga yetdi. Shuningdek, Yevropa Ittofoqi so‘nggi o‘n yil davomida 100 milliard yevrodan ortiq sarmoya kiritib, mintaqadagi eng yirik investorga aylandi — bu Markaziy Osiyoga kiritilgan barcha xorijiy investitsiyalarning qariyb 40 foizini tashkil etadi.

Iyun oyida Ostonada ikkinchi “Markaziy Osiyo – Xitoy” sammiti bo‘lib o‘tdi. Xitoy uzoq yillardan buyon mintaqaning asosiy savdo hamkori va investori hisoblanadi: umumiy investitsiyalar hajmi 30 milliard AQSh dollaridan oshgan, savdo aylanmasi esa 100 milliard dollarga yaqinlashmoqda. Xitoy Markaziy Osiyoda keng ko‘lamli loyihalarni amalga oshirmoqda, jumladan Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston temir yo‘li qurilishi, quvur tarmoqlari, elektr stansiyalari, shuningdek, qayta tiklanuvchi energetika sohasida faol ishtirok etmoqda.

Oktabr oyida Dushanbe shahrida ikkinchi “Markaziy Osiyo – Rossiya” sammiti bo‘lib o‘tdi. O‘tgan yili Rossiya bilan savdo hajmi 45 milliard AQSh dollaridan oshdi, Rossiya investitsiyalari esa 20 milliard dollardan ortig‘ini tashkil etdi. Mintaqa davlatlarining ko‘plab fuqarolari Rossiyada yashab, mehnat qilib, iqtisodiyotlarimizni qo‘llab-quvvatlaydigan muhim pul o‘tkazmalarini amalga oshirmoqda.

Shuningdek, dastlab aprel oyiga rejalashtirilgan, biroq AQSh Prezidenti Trampning Yaqin Sharqqa tashrifi munosabati bilan boshqa sanaga qoldirilgan “Markaziy Osiyo – Fors ko‘rfazi arab davlatlari hamkorlik kengashi” sammitini ham alohida qayd etish lozim. 2022-yildan buyon KADHK mamlakatlarining Markaziy Osiyoga yo‘naltirilgan investitsiyalari deyarli uch baravar oshdi va bugungi kunda mintaqadagi Xitoy ishtiroki bilan qiyoslanadigan darajaga yetdi. Moliyaviy hamkorlik ham kengayib bormoqda. Xususan, Islom taraqqiyot banki MDH mamlakatlariga jami 9,1 milliard AQSh dollari miqdorida sarmoya kiritgan bo‘lib, uning qariyb 60 foizi Markaziy Osiyo hissasiga to‘g‘ri keladi.

AQSh bilan savdo va investitsiya hajmi hozircha nisbatan kam — taxminan 7 milliard AQSh dollari — bo‘lsa-da, ular barqaror sur’atlarda o‘sib bormoqda. Qo‘shma Shtatlar Markaziy Osiyoga 9 milliard AQSh dollaridan ortiq bevosita ko‘mak, jumladan gumanitar yordam ko‘rsatgan, shuningdek, xalqaro moliyaviy institutlarni 50 milliard AQSh dollaridan ziyod kredit, qarz va texnik yordam ajratishga safarbar etgan. Bu esa mintaqaning uzoq muddatli rivojlanishiga xizmat qilmoqda. Biz Vashingtonda bo‘lib o‘tadigan navbatdagi C5+1 sammiti savdo aloqalariga qo‘shimcha turtki berib, muhim kelishuvlarning imzolanishiga xizmat qilishiga umid qilmoqdamiz. Tramp ma’muriyati davridayoq yirik bitimlar tuzilgan bo‘lib, ular qatorida Qozog‘iston Amerikaning Wabtec kompaniyasidan 4,2 milliard AQSh dollari miqdorida lokomotivlar xarid qilishi, shuningdek O‘zbekiston tomonidan 2025-yilda BMT Bosh Assambleyasi doirasida e’lon qilingan 8 milliard AQSh dollari qiymatidagi 22 ta Boeing samolyotining xaridi ham mavjud.

Ko‘rib turganingizdek raqamlarning o‘ziyoq ko‘p ma’lumotlarni anglatadi. Bu — ko‘p tarmoqli tashqi siyosatimizning amaliy natijasidir. Tomon tanlamagan holda, biz barcha hamkorlar uchun ochiq bo‘lib qolmoqdamiz, mintaqaviy  nufuzimizni mustahkamlayapmiz va murakkab geosiyosiy o‘zgarishlar sharoitida ishonch bilan yo‘limizni belgilayapmiz. Bugun “barchani tanlash” tamoyili Markaziy Osiyoning yetakchi jahon davlatlari bilan o‘zaro hamkorligining asosiy tayanchiga aylangan.

Dastlab siyosiy muloqot sifatida boshlangan C5+1 formati bugun keng jabhalarni qamrab oladigan, amaliy muloqot maydoniga aylanish salohiyatiga egadir. Biroq biz uchun C5+1 doirasida AQSh bilan hamkorlikdan aynan nimani kutayotganimiz va qaysi ehtiyojlarimiz mavjudligini aniq belgilab olish nihoyatda muhimdir.

Birinchidan, mintaqamizning ko‘p qirrali tashqi siyosat strategiyasiga to‘xtaladigan bo‘lsak, barcha yirik tahlil markazlari bilan faol aloqalar olib borar ekanmiz, AQSh — jahon iqtisodiyotida yetakchi, ilg‘or texnologik innovatsiyalar markazi va mintaqamiz uchun misli ko‘rilmagan sarmoyaviy imkoniyatlar manbaidir. Amerikaning xalqaro geosiyosiy va moliyaviy tizimdagi hal qiluvchi ahamiyati barchaga yaxshi ma’lum. Shu bois, Markaziy Osiyo davlatlarining AQSh bilan C5+1 formati doirasidagi strategik sherikligi mintaqaviy barqarorlik va taraqqiyot yo‘lidagi tabiiy zaruriyatidir

Ikkinchidan, transport va logistika. Markaziy Osiyoning kelajagiga oid tasavvurimiz quyidagicha: 2030-yilga qadar — savdoda saqlanib qolayotgan to‘siqlarni bartaraf etish hamda yagona raqamli koridorni yaratish orqali transport tarmog‘ini raqamlashtirish; 2040-yilga qadar — huquqiy-me’yoriy bazani uyg‘unlashtirish va besh davlatning barcha poytaxtlarini o‘zaro bog‘lab  to‘liq qamrab oladigan transport koridorini shakllantirish; 2050-yilga kelib esa — Markaziy Osiyoni Hind–Tinch okeani mintaqasini Yevropa bilan bog‘lovchi yirik transport-logistika chorrahasi va mintaqaviy erkin savdo markaziga aylantirish.

Ushbu ulkan va keng ko‘lamli kun tartibini amalga oshirish AQSh ko‘magisiz imkonsiz — bu yuqori texnologik intellektual salohiyat, raqamlashtirish va infratuzilma sohalarida, shuningdek qulay geosiyosiy muhitni shakllantirish va savdo yo‘laklarini rivojlantirishga ko‘maklashish borasida muhimdir. Bunga yorqin misol — Ozarbayjon va Armaniston o‘rtasida aynan shu yerda, Vashingtonda, Oq uyda imzolangan tinchlik kelishuvidir. Ushbu kelishuv mintaqaviy hamjihatlikni kengaytirish uchun poydevor yaratadi va Markaziy Osiyoga, avvalo O‘zbekistonga, dengizga chiqish imkoniyati bo‘lmagan mintaqa maqomidan chiqib, global savdo tarmoqlariga to‘liq qo‘shilish imkonini beradi.

Uchinchidan, savdo. Avval ta’kidlaganimdek, AQSh bilan savdo aloqalari boshqa hamkorlar bilan solishtirganda hanuz cheklanganligicha qolmoqda. Hozirgi vaqtda AQSh bilan doimiy normal savdo munosabatlari (DNSM) tartibi mavjud emas, chunki Jekson–Venik tuzatishiga hanuz amal qilinmoqda. Ushbu maqomning berilishi taxminan 350 million aholiga ega AQSh bozoriga kirish imkonini ochib bergan bo‘lar edi. Albatta, bu geografik va logistik omillarni inobatga olgan holda savdoning keskin o‘sishini tabiiy ravishda kafolatlamaydi. Biroq byurokratik to‘siqlarni sezilarli darajada kamaytirib, tartib-taomillarni soddalashtirgan bo‘lardi. Mazkur tuzatishning amalda qolishi investitsiya muhitiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatib, biznes sohasining mintaqaga uzoq muddatli sarmoya kiritishga bo‘lgan qiziqishini pasaytirmoqda.

To‘rtinchidan, strategik ahamiyatga ega minerallar. Markaziy Osiyo kelajak texnologiyalari rivoji uchun zarur bo‘lgan resurslarning salmoqli zaxiralariga ega, biroq ushbu imkoniyat hali ham g‘arbiy hamkorlar tomonidan yetarlicha ishga solinmagan. AQShning amaldagi ma’muriyati strategik xomashyo va muhim minerallarning xalqaro ahamiyatini e’tirof etgan holda, ularni tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylantirdi. Bu borada qabul qilingan farmonlar hamda Ukraina, Malayziya va Tailand kabi davlatlar bilan yo‘lga qo‘yilgan yangi hamkorliklar global ta’minot zanjirlari barqarorligini ta’minlashga qaratilgan

Biz Vashingtonni nafaqat investitsiyalar manbai sifatida, balki texnologiyalarni uzatish, infratuzilmani rivojlantirish va amaliy muqobil yo‘nalishlarni shakllantirish borasida ham ishonchli hamkor sifatida ko‘ramiz. Qo‘shma Shtatlar noyob qiyosiy ustunlikka ega — ya’ni shaffoflikka urg‘u berish, mahalliy salohiyatni rivojlantirish va birgalikda yuksalishga yo‘naltirilgan yondashuv. Aynan quyidagi jihatlar mintaqamizda alohida qadrlanadi va ushbu omillarga bugun ehtiyoj sezmoqdamiz.

Ushbu kun tartibini amalga oshirish uchun zarur vositalar allaqachon mavjud. C5+1 formati jarayonlarni kuzatish va nazorat qilish imkoniyatini beradi. AQShning Taraqqiyotni Moliyalashtirish korporatsiyasi (TMK) va AQSh Eksport-import banki (EIB) kabi institutlari moliyalashtirishni ta’minlash hamda muammolarni hal etishda muhim rol o‘ynashi mumkin. AQSh Davlat departamenti va Savdo vazirligi dasturlari me’yor va talablarni joriy etish, xaridlar shaffofligini ta’minlash va kuzatiladigan ta’minot zanjirlarini shakllantirishga ko‘maklashadi. AQSh universitetlari va tadqiqot markazlari esa konchilik xavfsizligi, metallurgiya hamda me’yor va standartlarga muvofiqlikni ta’minlash sohasida malakali kadrlar tayyorlashni ta’minlashi mumkin.

Diqqat! Agar matnda xato topsangiz, uni tanlang va ma'muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl + Enter tugmalarini bosing
Saytni ishlab chiqish: uzinfocom