Markaziy Osiyo va Sloveniya: turizm orqali aloqalarni mustahkamlash
21.05.2025
|
312
2025 yil 3 aprel kuni Samarqandda bo‘lib o‘tgan tarixda ilk bor tashkil etilgan “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” sammitida davlatimiz rahbari turizm sohasini hamkorlikning ustuvor yo‘nalishi sifatida alohida ta’kidladi. Shuningdek, “Bir sayohat – butun mintaqa” konsepsiyasini amalga oshirishda Yevropa Ittifoqining qo‘llab-quvvatlashi va Markaziy Osiyolik sayyohlar uchun vizaviy tartiblarni soddalashtirishga umid bildirdi.

Mazkur kontekstda Sloveniya tajribasi alohida qiziqish uyg‘otadi. Yevropaning yuragida, ulug‘vor Alp tog‘lari va go‘zal Adriatika sohillari oralig‘ida joylashgan bu mamlakat barqaror turizm va samarali turistik brend yaratish borasida namuna sifatida tilga olinmoqda. So‘nggi yillarda Sloveniya o‘zining ixchamligini ustunlikka aylantirib, tabiiy va madaniy boyliklarini iqtisodiy o‘sishning kuchli drayveriga aylantirishga erishdi.

Turizm – milliy muvaffaqiyat harakatlantiruvchisi

Sloveniya barqaror rivojlanish, ekologik javobgarlik va madaniy merosga tayangan holda, dunyo turizm xaritasida o‘z o‘rnini tobora mustahkamlab bormoqda. Tabiiy resurslar va tarixiy-madaniy obyektlardan samarali foydalangan holda, u dunyoning turli burchaklaridan sayyohlarni jalb qilmoqda.

Jahon Iqtisodiy Forumi tomonidan e’lon qilingan 2024 yilgi hisobotga ko‘ra, Sloveniya 119 mamlakat orasida turizm rivojlanishi darajasi bo‘yicha 42-o‘rinni egallagan. Ayniqsa, u turistik brending ko‘rsatkichi bo‘yicha dunyoda birinchi o‘rinni egallab, an’anaviy mashhur yo‘nalishlardan ham o‘zib ketgan.

Sohadagi tiklanish va o‘sish

Pandemiyadan so‘ng Sloveniya turizmida barqaror o‘sish kuzatilmoqda. Mamlakat statistika boshqarmasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2024 yilda sayyohlar oqimi 6,5 million kishiga yetgan bo‘lib, bu avvalgi yilga nisbatan 6,3% ko‘pdir. Tunashlar soni 4,5% ga oshib, 16,8 millionni tashkil etdi – bu rekord ko‘rsatkichdir. Muhimi shundaki, xalqaro tashriflar soni 2019 yilga nisbatan 8% ga oshgan bo‘lib, sohaning to‘liq tiklanganini ko‘rsatadi.

2024 yilda turizm sohasidagi daromadlar 3,6 milliard yevroni tashkil etib, mamlakat xizmatlar eksportining 28% ini tashkil etdi. Turizmning YAIMdagi ulushi 5,2% ni, qo‘shilgan qiymat bo‘yicha esa 3,8% ni tashkil etdi. Sohaning o‘zida taxminan 70 ming kishi band bo‘lib, bu mamlakat mehnat bozori ishtirokchilarining 7,4% ini tashkil etadi.

Strategik yondashuv

Sloveniyaning muvaffaqiyati puxta davlat strategiyasi bilan bog‘liq. Hukumat zamonaviy infratuzilmani rivojlantirishga katta mablag‘ va e’tibor qaratmoqda: yangi kongress zallari va ko‘rgazma markazlari barpo etilmoqda, arxitektura yodgorliklari restavratsiya qilinmoqda, ilg‘or marketing uslublari tatbiq etilmoqda. Natijada, mamlakat o‘zining tanilganligini oshirishga va sayyohlar uchun jozibadorligini kuchaytirishga erishdi. Sloveniya ayrim ko‘rsatkichlar bo‘yicha hatto Avstriya, Italiya va Xorvatiya kabi turizm yetakchilaridan ham ilgarilab ketmoqda.

Barqaror turizm sohasidagi yetakchilik

Barqaror rivojlanishga alohida e’tibor qaratilmoqda. 2015 yilda “Slovenia Green” milliy sertifikatlash dasturi ishga tushirildi. U turizm tashkilotlarida ekologik standartlarni amaliyotga joriy etishga qaratilgan bo‘lib, 130 dan ortiq obyektlarni qamrab oladi – tabiat bog‘lari va shaharlardan tortib mehmonxonalar va restoranlargacha. Sayyohlar bronza, kumush, oltin va platin darajadagi belgilarga qarab sayohat qilishni oson rejalashtira olishadi.

Yashil turizmning yorqin namunalaridan biri — Lyublyana markazining avtomobilsiz hududga aylantirilishi va elektrokarlarning joriy etilishi hamda yovvoyi tabiatni kuzatishga oid sayohatlar orqali tushgan mablag‘larning atrof-muhitni muhofaza qilishga yo‘naltirilishidir.

2016 yilda Global Green Destinations Day konferensiyasida Sloveniya dunyodagi ilk “yashil mamlakat” sifatida rasman tan olingan. Shundan beri u ITB Berlin va Sustainable Destination Awards kabi xalqaro mukofotlarga sazovor bo‘lib kelmoqda. 2022 yilda Lonely Planet Sloveniyani sayohat uchun eng yaxshi beshta mamlakatdan biri deb e’lon qildi, National Geographic esa uning ekologik turizm sohasidagi yutuqlarini alohida ta’kidladi.

Tabiat, madaniyat va infratuzilma – noyob ustunliklar

Sloveniyaning jozibadorligini belgilovchi asosiy omillardan biri – bu uning tabiiy landshaftlarining xilma-xilligi. Mamlakat hududidan yirik daryolar, tog‘ tizmalari, jumladan, 2864 metr balandlikdagi Triglav tog‘i o‘tadi; hududning qariyb 60% ini o‘rmonlar qoplaydi. Sloveniya hududining uchdan bir qismi Yevroittifoqning Natura 2000 himoya zonasiga kiradi – bu ko‘rsatkich Yevropadagi eng yuqorilardan biridir.

Bundan tashqari, boy madaniy meros ham muhim o‘rin tutadi. Qasrlar, saroylar va qal’alar zamonaviy ehtiyojlarga mos ravishda restavratsiya qilinib, muzeylar, mehmonxonalar, kongress markazlari va madaniy maydonlar sifatida faol foydalanilmoqda. Tarixiy arxitektura sog‘lomlashtirish va biznes funksiyalari bilan uyg‘unlashib, sayyohlar uchun yanada jozibadorlik kasb etmoqda.

Shuningdek, Sloveniya xalqaro tadbirlar, festivallar va ilmiy anjumanlar o‘tkazish uchun yetarli infratuzilmaga ega. Masalan, Shkofja-Lokadagi Pasxa dramatizatsiyasi va Ptuy shahridagi an’anaviy kurentlar karnavali UNESCOning nomoddiy madaniy merosi ro‘yxatiga kiritilgan.

Milliy turistik brend

“I Feel Slovenia” (Men Sloveniyani his qilaman) brendi mamlakatning tabiiy go‘zalligi, ekologik mas’uliyati va madaniy xilma-xilligini ifodalaydi. Brend faqat reklama va turistik maydonlarda emas, balki tijorat sohasida ham qo‘llanilib, turli sohalarning sa’y-harakatlarini birlashtirib turadi. Uni ilgari surish xalqaro ko‘rgazmalar, tadbirlar, ingliz tilidagi nashrlar va rasmiy slovenia.si portali orqali amalga oshiriladi.

Sloveniya turizm kengashi mamlakatni “yashil butik yo‘nalish” sifatida pozitsiyalab, yuqori sifatli taassurotlarni taklif etadi.

Sloveniya va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi istiqbolli hamkorlik

Ekologik javobgarlik va madaniy jihatdan boy turizmga qiziqish ortib borayotgan bir paytda, Sloveniya Markaziy Osiyo davlatlari uchun muhim hamkor bo‘la oladi. Turistik hamkorlikni rivojlantirish mintaqalararo aloqalarni mustahkamlash, iqtisodiy o‘sish, shuningdek, gumanitar, madaniy va ta’limiy almashinuvlar uchun yangi imkoniyatlar ochadi.

Siyosiy qo‘llab-quvvatlash: turizm – do‘stlik ko‘prigi sifatida

So‘nggi yillarda Sloveniya va Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi ikki tomonlama muloqotda turizm tobora muhim o‘rin egallamoqda. Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekiston Sloveniya bilan turizm sohasidagi hamkorlikni chuqurlashtirishga katta qiziqish bildirmoqda.

Tomonlar integratsiyalashgan turistik mahsulotlar yaratish, mehmondo‘stlik sanoatida biznes aloqalarni rivojlantirish hamda to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha qo‘shma tashabbuslarni ilgari surishdan manfaatdor.

Hududiy darajadagi tashriflar chog‘ida ham turizm masalasi tobora ko‘proq ko‘tarilmoqda. Xususan, Sloveniya va O‘zbekiston o‘rtasidagi aloqalarda to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish, vizaviy tartiblarni liberallashtirish va barqaror turizm borasidagi ilg‘or tajriba almashuviga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Qo‘shma loyihalar va tashabbuslar

Sloveniya Markaziy Osiyo davlatlariga turistik brending, sertifikatlash va barqaror resurs boshqaruvi bo‘yicha o‘z tajribasini taklif eta oladi. Qo‘shma forum va ko‘rgazmalar tashkil etish imkoniyati muhokama qilinmoqda. Shu doirada Markaziy Osiyo mamlakatlarining Lyublyanadagi Natour Alpe-Adria turistik yarmarkasida ishtirok etishi hamda Sloveniya turistik salohiyatini Toshkent, Olmaota va Dushanbedagi tadbirlarda targ‘ib qilish imkoniyati ko‘rib chiqilmoqda.

Ta’lim va tajriba almashinuvi

O‘zbekiston va Qozog‘istondagi universitetlar Sloveniya ta’lim dasturlariga, xususan turizm, mehmonxona xizmati va barqaror rivojlanish yo‘nalishlariga katta qiziqish bildirmoqda. Erasmus+ va boshqa dasturlar doirasida Sloveniya mutaxassislari ishtirokida stajirovkalar va qisqa muddatli kurslarni yo‘lga qo‘yish masalasi muhokama qilinmoqda.

Xulosa

Shu tariqa, turizm global muammolar, xususan, iqlim o‘zgarishi, iqtisodiy diversifikatsiya va tashqi zarbalarga nisbatan barqarorlikni ta’minlash zarurati sharoitida mintaqaviy yaqinlashuvning muhim omiliga aylanishi mumkin.

Sloveniya va Markaziy Osiyo davlatlari birgalikda yashil turizm, madaniy almashinuv va transregional yo‘nalishlarni, xususan zamonaviy “Ipak yo‘li” kontsepsiyasini ilgari surishlari mumkin.

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning joriy yilda Sloveniyaga amalga oshiradigan tashrifi ikki tomonlama turistik muloqotni chuqurlashtirish, gumanitar aloqalarni mustahkamlash va barqaror rivojlanish bo‘yicha umumiy qadriyatlarni ilgari surish borasida yangi imkoniyatlarni ochib beradi.

Diqqat! Agar matnda xato topsangiz, uni tanlang va ma'muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl + Enter tugmalarini bosing
Saytni ishlab chiqish: uzinfocom